Qidirish

2023 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yashil hudud” DUK tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2021-yildagi PF-46-son Farmonning 1-ilovasiga ko‘ra “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda ekologik holatni yanada yaxshilash maqsadida 2023-yilda Respublikamizning 134 ta tuman va shaharlarida jami 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar”ni barpo etish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida jami 134 ta mahalliy kengashlarning “yashil bog‘lar” barpo etish maqsadida yer ajratish bo‘yicha tegishli qarorlari qabul qilindi.

“Yashilloyiha” loyihalash instituti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkazildi.

“Yashil hudud” DUK va uning hududiy korxonalari tomonidan 347,1 gektar maydonda 122 ming dona tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar ekilib, “yashil bog‘lar” barpo qilish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19.05.2023-yildagi 05/1-3292-son topshirig‘iga ko‘ra Zomin tumanidagi 110 gektar o‘rmon fondi yer maydonlarida “yashil bog‘lar” barpo etish belgilangan bo‘lib, ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika “Yashil hudud” DUK tomonidan loyiha-smeta hujjatlari asosida 44 ming dona ko‘chatlar ekilib, 110 gektar maydonda “yashil bog‘” barpo qilindi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 681-F-son Farmoyishi bilan 2023-yil kuz va 2024-yil bahor mavsumlarida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li va tog‘oldi hududlarda 30 ta vazirlik hamda idoralar tomonidan “yashil bog‘lar” tashkil etish belgilangan bo‘lib, mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida jami 638,6 gektar maydonda, 334 ming dona daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari amalga oshirilib, “yashil bog‘lar” barpo etildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlashda ham “Yashil hudud” DUK va uning hududiy korxonalari bevosita ishtirok etdi.

Jumladan, “Yashil hudud” DUK tomonidan loyiha-smeta hujjatlari asosida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi “yashil bog‘i” hududida 29,3 ming dona, Yoshlar siyosati va sport vazirligi “yashil bog‘i” hududida 10 ming dona, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “yashil bog‘i” hududida 7,5 ming dona, Tashqi ishlar vazirligi “yashil bog‘i” hududida 6 ming dona Madaniyat vazirligi “yashil bog‘i” hududida 5 ming dona, shuningdek, Biznesni rivojlantirish banki “yashil bog‘i” hududida 12,5 ming dona va Asaka banki “yashil bog‘i” hududida 7,5 ming dona, ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi.

Mazkur tadbirlar 2024-yilning bahor mavsumida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda “Yashil zamin” loyihasi doirasida 2023-yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumida Toshkent shahrining Yangihayot va Chilonzor tumanlaridagi jami 3 ta hududda 4 ming 659 dona, kuz mavsumida esa Olmazor va Yangihayot tumanlaridagi jami 4 ta hududda 2 ming 550 dona hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari amalga oshirildi.